Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » “EUROASIYA GILAMLARI” MCHJ - Jizzax viloyatining gilamchilik anʼanalarini tiklagan korxona
19 ноябрь 2024 г 20 Комментарии: 0
Respublika va viloyatimizda oʻtkazilayotgan hududiy sanoat yarmarkalarida oʻz mahsulotlari bilan faol ishtirok etib kelayotgan Jizzax shahridagi “EUROASIYA GILAMLARI” MCHJ vohamizdagi yirik yengil sanoat korxonalaridan sanaladi.
Yiliga 1 mln. 500 ming metr kvadrat mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega jamiyatda ayni paytda 150 nafar mahalliy yoshlarning bandligi taʼminlangan.
Eni besh metrli, 7 turdagi turli oʻlcham va hajmda ishlab chiqarilayotgan korxonaning gilamlariga xaridorlar safi kun sayin ortib borayotir. Oʻziga xos nafis, zamonaviylik va milliylik ruhi singdirilgan turli dizaynda toʻqilayotgan gilamlar koʻzni quvontiradi.
Ikki gektar maydondan iborat ishlab chiqarish sexlariga Belgiyaning “VandeWiele” hamda Germaniyaning “Staubli Bayreuth” firmalarining dastgohlari oʻrnatilgan. Korxonada bir kunda buyurtmaga asosan 5000-7000 metr kvadrat gilamlar toʻqilayotir. Mahsulot uchun ketadigan asosiy xom ashyolar juti ipi Bangladeshdan, sintetik iplar esa Turkiyadan keltiriladi.
—Raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga harakat qilayapmiz,—deydi “EUROASIYA GILAMLARI” MCHJ rahbari Umidjon Mannonov. —Oʻtgan yili Tojikiston Respublikasiga mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirgan boʻlsak, joriy yilda 88000 AQSH dollarilik mahsulotni Ozarboyjonga eksport qildik.
Jamiyatda koʻp yillardan beri mehnat qilib kelayotgan usta Bobur Umarjonov, toʻquvchilar Kamol Joʻrayev, Komil Xasanov, opa-singil Dildora va Dilafroʻz Xudoyorova hamda Yaxshigul Usmonovalar oʻz sohasining mohirlari hisoblanadi.
Korxonada tayyorlangan mahsulotlar jamiyatga tegishli 2 ta maxsus savdo doʻkonida xaridorlarga sotilmoqda. Shuningdek, boshqa tadbirkorlik subyektlariga buyurtma asosida mahsulot yetkazib berilayotir.
Ayni paytda mahsulot turlari va sifatini, koʻlami va yangi ish oʻrinlari sonini oshirish, ishlab chiqarishga soʻnggi innovatsion texnologiyalarni jalb qilish maqsadida Jizzax erkin iqtisodiy zonasida 4 gektar maydonda korxonaning yana bitta qoʻshimcha binosi qurilishi jadallik bilan olib borilayotir. Yangi ishlab chiqarish korxonasi sexlariga Turkiya, Belgiya hamda Germaniyadan gilam toʻqish dastgohlari oʻrnatiladi. Natijada korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari va mahsulot sifati ikki hissa ortadi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!