Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Senat Kengashi sayyor majlisida Jizzax viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi muhokama qilindi
27 февраль 2024 г 321 Комментарии: 0
Joriy yil 27-fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Jizzax viloyatida navbatdagi sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda parlament nazorati doirasida Senat ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 12-14 fevral kunlari o‘tkazilgan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganish natijalari atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, so‘nggi 7 yilda Jizzax viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13 ta farmon va qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 40 ga yaqin qarorlari qabul qilindi.
Ushbu davrda qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalar jalb qilinib, 3,5 mingta yangi korxona ishga tushirilgan. Bu orqali 46,9 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan, mahalliy byudjetda 1,1 trln so‘mdan ziyod qo‘shimcha manba mablag‘lari shakllantirilib, hudud ixtiyorida qoldirilgan.
Viloyat iqtisodiyotidagi o‘sish surʼatini birgina 2023-yil misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, o‘tgan yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 33,3 trln so‘mni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 105 foizga o‘sgan. Shuningdek, o‘sish sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va qurilish sohalarida ham taʼminlangan.
Investitsiya dasturlari doirasida 760 mln dollarlik 700 dan ziyod loyihalar ishga tushirilishi natijasida 10 ming ish o‘rni yaratilgan. 684,5 mln dollarlik yoki 2022-yilga nisbatan qariyb 1,7 barobarga ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.
Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida qariyb 4,4 ming yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan subyektlar soni 16,7 mingdan oshgan.
Aholini ish bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi natijasida 157,5 ming kishi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Do‘stlik va Zarbdor tumanlarida bo‘sh turgan davlat obyektlariga tadbirkorlarni jalb qilgan holda yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil qilish ishlari sust tashkil qilingan.
Eksport prognoz ko‘rsatkichlari Zafarobod va Yangiobod tumanlarida 30 foizga ham bajarilmagan.
Viloyat hududlarida tashkil etilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining bosh rejasi bugungi kunga qadar ishlab chiqilmagan. Shuningdek, sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash bo‘yicha o‘z yechimini kutib turgan masalalar mavjud.
Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Aholining ehtiyojmand qatlamini, jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholining muammolarini “xonadonbay” hal etish bo‘yicha ishlarni tizimli ravishda davom ettirish, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy kelishuvlar bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari” ijrosini samarali amalga oshirilishini taʼminlash shular jumlasidandir.
Shuningdek, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har oyda dasturlar doirasida belgilangan topshiriqlar ijrosiga masʼul idoralarning amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitishi, bu borada masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar ko‘rishi zarurligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida Senat Kengashining o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish va kelgusida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!