Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Ragʻbat – kelajakka qanot
05 сентябрь 2024 г 74 Комментарии: 0
Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovi yoshlar oʻrtasida chet tillarini oʻrganishga qiziqishni oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Dastlab tanlovning tuman (shahar) bosqichida oʻquvchilarning grammatika, oʻqib tushunish va lugʻat boyligi boʻyicha bilimlari sinalsa, viloyat bosqichida yozish va ogʻzaki nutq koʻnikmalari ham sinovdan oʻtadi.
Aprel oyida yakunlangan tanlovning viloyat bosqichidan soʻng 3 oy mobaynida 5 nafar iqtidorli oʻquvchimiz bilan respublika bosqichiga tayyorgarlik koʻrdik. Biz ularni masʼuliyatli sinovga ruhan tayyorlash maqsadida CEFR va IELTS imtihonlariga yoʻlladik. Natijada 2 nafari IELTSdan 7 va 8 daraja, uch nafari CEFRdan 65-70 ball toʻplashdi. Shu sabab respublika bosqichida oʻquvchilarimiz toʻplagan umumiy ball 75 dan 68.5 ni tashkil qildi. Ochigʻi, bu ingliz tili oʻqituvchilari uchun ham havas qilarli daraja hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 27-iyunda imzolangan “Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ushbu qarorga koʻra, yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori boʻlgan chet tillarini mukammal oʻzlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish hamda imtihon topshirish xarajatlarini qoplash belgilangani koʻpchilikni mamnun qildi.
Bugungi kunda xorijiy tilni mukammal oʻrganish uchun darsdan tashqari oʻquv kurslariga borish anʼana tusini olgan. Bu esa oʻz-oʻzidan mablagʻga borib taqaladi. Boz ustiga imtihon xarajatlarini ham inobatga olsak, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining imkoniyatini cheklardi. Endilikda xorijiy tillarni oʻrganish uchun onlayn platformalarning ishga tushirilishi, turli grantlar doirasida bepul oʻquv kurslarining tashkil etilishi til oʻrganish ishtiyoqida boʻlgan barchani qamrab olish imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichiga tayyorgarlik jarayonida zahmatkash va jonkuyar hamkasblarimiz ham yordamini ayamadi. Kuni bilan maktabda, kechqurun 24:00 gacha videochat orqali oʻqituvchilar Shahnoza Umurzoqova, Nafisa Almonova bilan hamkorlikda toʻrtta koʻnikma boʻyicha ishladik. Bizni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlagan maktabimiz direktori Dilfuza Saidova va oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Shahnoza Bozorovadan minnatdormiz. Mehnatlarimiz besamar ketmadi. Eng muhimi, yuzimiz yorugʻ boʻldi. Tanlovning 19-23-avgust kunlari poytaxtimizda boʻlib oʻtgan final bosqichida maktabimiz jamoasi 1-oʻrinni egalladi.
Maʼlumki, til bilish darajasi tinglab tushunish, oʻqish, gapirish va yozish koʻnikmalariga asosan baholanadi. Bularning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Biroq til koʻnikmalari ichida insho yozish eng murakkabi hisoblanadi. Shunday boʻlishiga qaramay, “The best writer – Eng yaxshi insho yozuvchi” nominatsiyasida oʻquvchimiz Shahina Bahodirovaning gʻolib boʻlgani barchamizni ikki karra quvontirdi. Oʻquvchimiz bu bilan insho yozish koʻnikmasini puxta egallaganini ham isbotlab, jizzaxlik yoshlarning til oʻrganishga ishtiyoqi, bilimga oshnoligi va gʻoliblikka har tomonlama munosib ekanligini namoyish etdi.
Jamoamiz 500 million soʻm bilan mukofotlandi. Tanlov nizomiga koʻra, ushbu mablagʻning 50 foizi maktabda ingliz tili xonalarini moddiy-texnik jihozlash uchun sarflansa, qolgan 50 foizi ishtirokchi oʻquvchilar va tanlovga tayyorlagan ustozlar oʻrtasida teng taqsimlanadi.
Birgina bu emas. Prezident sovgʻasi sifatida tanlovning respublika bosqichi barcha — 84 nafar ishtirokchilari va ularning ustozlari oʻz bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish uchun xorijga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
Bugunga qadar xorijiy tillarni oʻrganish jarayoni maktablarimizda umummilliy harakatga aylanib ulgurgan boʻlsa, endilikda bu jarayon ikki-uch karra jadallashishi turgan gap. Zero, moddiy va maʼnaviy ragʻbat barchani yanada ruhlantirib, izlanishga undashi shubhasiz.
Madina URDUSHEVA,
Jizzax shahridagi 22-maktab ingliz tili oʻqituvchisi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!